Gadjetlar

Honor X70 qachon taqdim etilishi ma’lum bo‘ldi

Qurilma 6,79 dyuymli 1.5K aniqlikdagi tekis ekran bilan jihozlanadi
Honor X70
Honor X70 qachon taqdim etilishi ma’lum bo‘ldi / Foto: ITHome

Honor kompaniyasi yangi Honor X70 smartfonini iyul oyida taqdim etadi. Bu haqda ITHome texnologiyalar nashri xabar bermoqda.

Qurilma 6,79 dyuymli 1.5K aniqlikdagi tekis ekran bilan jihozlanadi. Asosiy e’tibor esa uning rekord darajadagi – 8300 mA⋅soatlik akkumulyatoriga qaratilgan. Bu hozirgi aksariyat smartfonlardan sezilarli darajada kuchliroq.

Smartfonda 80 vattli tezkor zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi. 512 GB xotiraga ega versiyada esa qo‘shimcha sifatida simsiz zaryadlash ham bo‘ladi. Honor X70 Snapdragon 6 Gen4 protsessori asosida ishlaydi va kundalik ishlarda yetarli unumdorlikni taqdim etadi.

Qurilma qalinligi bor-yo‘g‘i 7,7 mm, og‘irligi esa 193 gramm bo‘ladi. Simsiz zaryadlashli versiya biroz og‘irroq 199 gramm va 7,9 mm qalinlikda taqdim etilishi kutilmoqda. Model oq, yashil va qora ranglarda taqdim qilinadi.

Avvalgi Honor X60 va X60 Pro modellari 5800 va 6600 mA⋅soat batareyaga ega edi. Yangi X70 esa ularning salohiyatini ancha ortda qoldiradi. Narx va aniq taqdimot sanasi hali e’lon qilinmagan, biroq yaqin kunlarda bu ma’lumotlar ham ochiqlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri beshta eng yaxshi Honor smartfonlari haqida yozgan edi.