Yangiliklar

Internetdagi noqonuniy qimor xizmatlari uchun jarimalar belgilandi

Jarima miqdori kompaniya ustav fondining 1 foizigacha bo‘lishi mumkin
Onlayn qimor
Internetdagi noqonuniy qimor xizmatlari uchun jarimalar belgilandi / Foto: Alorait.kz

O‘zbekistonda internet orqali noqonuniy qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik xizmatlari uchun jarimalar joriy qilindi. Bu tartib «Internetda tavakkal o‘yinlar va xizmatlar uchun jarima qo‘llash to‘g‘risidagi nizom»da belgilangan.

Jarima O‘zbekiston fuqarolariga noqonuniy xizmat ko‘rsatgan xorijiy kompaniyalarga ham qo‘llanadi. Shuningdek, litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan mahalliy tashkilotlar ham jazolanadi. Mazkur nizom tashabbuskori Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) bo‘lib, jarimani mazkur agentlik belgilaydi.

Jarima miqdori kompaniya ustav fondining 1 foizigacha bo‘lishi mumkin. Xorijiy kompaniyalar esa 10 mingdan 25 minggacha bazaviy hisoblash miqdorida jarimaga tortiladi.

Maxsus komissiya qaroriga asosan, yozma xabarnoma yuboriladi. Jarima 15 kun ichida to‘lanishi kerak. To‘lanmasa, sud orqali undiriladi.

Qoidabuzarliklar orasida litsenziyasiz faoliyat, bolalar ishtirokidagi o‘yinlar va noto‘g‘ri reklama bor. Shuningdek, ma’lumotlarni himoyalamaslik va noqonuniy to‘lovlar ham jazolanadi.

Jarimalar teng ikkiga bo‘linadi. Yarmi davlat budjetiga, yarmi ILMA hisobiga tushadi.

Agar kompaniya qarorga rozi bo‘lmasa, 15 kun ichida shikoyat berishi mumkin. Shikoyat apellyatsiya kengashida yoki sudda ko‘rib chiqiladi. Bu tartib qimor o‘yinlarini nazorat qilish va qonunbuzarliklarning oldini olish uchun joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan ILMA O‘zbekistondagi sug‘urta tashkilotlari reytingini e’lon qilgani haqida yozgan edi.