
2025-yil 7-iyul kuni «Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Ushbu hujjat O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha muhim huquqiy asoslardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Qonunga muvofiq, issiqxona gazlari chiqindilarini cheklash choralari qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bunga davlat hisobini yuritish, maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash, shuningdek, gazlarni qisqartirish va ularni tutib qolish bo‘yicha faoliyatni qo‘llab-quvvatlash kiradi.
Yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar O‘zbekiston hududida «yashil» loyihalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday loyihalar ekologik toza texnologiyalarni joriy etish orqali gaz chiqindilarini kamaytirishni maqsad qiladi.
Qonunga binoan, mamlakat hududida amalga oshirilgan «yashil» loyihalar natijasida kamaytirilgan issiqxona gazlari ustidan tasarruf to‘liq davlatga tegishli bo‘ladi. Bu gazlar haqidagi barcha ma’lumotlar uglerod birliklari reyestriga kiritiladi.
Shuningdek, «yashil» loyihani amalga oshirish bo‘yicha tayyorlanadigan hisobotda ko‘rsatilgan uglerod birliklari maxsus tekshiruv (verifikatsiya)dan o‘tkazilishi belgilangan. Bu esa loyihalarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MDH davlatlari o‘rtasidagi qidiruv bitimiga tuzatishlar kuchga kirgani haqida yozgan edik.