
8-iyul kuni OnePlus kompaniyasi o‘zining yangi OnePlus Buds 4 simsiz quloqchinlarini global miqyosda namoyish qildi. Bu haqda Notebookcheck nashri xabar qildi.
Kompaniya shu bilan birga 43 mm o‘lchamdagi Watch 3 aqlli soatini ham taqdim etdi. Buds 4 quloqchinlarining narxi $129.99.

Quloqchinlarning eng asosiy xususiyati – ikkita dinamikli audio tizimi. 11 millimetrli bass uchun mo‘ljallangan dinamik va 6 millimetrli yuqori chastotali dinamik. Har bir dinamik alohida DAC (raqamli-analog konvertor) bilan ta’minlangan bo‘lib, bu esa flagman darajadagi ovoz sifatini ta’minlaydi.

OnePlus Buds 4 LHDC 5.0 kodekni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu 24-bit/192 Hz namunaviy chastotaga ega, yo‘qotilmas (lossless) audio uzatishni ta’minlovchi zamonaviy kodek hisoblanadi.
Buds 4 hozirda ikki xil rangda – Zen Green va Storm Gray variantlarida taklif qilinmoqda.




Bundan tashqari, quloqchinlar 3D Audio formatini, Golden Sound texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Golden Sound foydalanuvchining quloq kanalini skanerlab, shaxsiy ovoz profili yaratadi.
Faol shovqinni bostirish rejimi (ANC) foydalanuvchi atrofidagi tovushlarni har soniyada 800 marta tahlil qiladi va 55 dB gacha bo‘lgan shovqinlarni bostira oladi. Uchta mikrofonli SI tizimi esa telefon qo‘ng‘iroqlari davomida shovqinsiz va tiniq ovozni ta’minlaydi.
OnePlus Buds 4 quloqchinlari quyidagi avtonomlik imkoniyatlariga ega:
- ANC o‘chirilgan holda: 11 soat;
- ANC yoqilgan holda: 9 soat;
- Zaryadlovchi futlyar bilan umumiy foydalanish vaqti: 45 soat;
- ANC yoqilgan holatda futlyar bilan: 24 soat.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Realme Buds Air 7 Pro quloqchinlari taqdim etilgani haqida yozgandi.