
Prezident qaroriga ko‘ra, 2028-yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Endi sportchilar medallar sonini oshirish, yangi yo‘nalishlarda litsenziyalar olish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida tayyorlanadi.
Sport turlari ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan guruhlarga bo‘linadi. Bu ro‘yxat har to‘rt yilda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston Olimpia cho‘qqilari» musobaqalari yo‘lga qo‘yiladi. Bu musobaqalar yoshlar o‘rtasidagi chempionatlarni uch bosqichda o‘tkazish asosida tashkil etiladi. G‘oliblar milliy terma jamoaga zaxira sifatida yuboriladi.
Birinchi va ikkinchi o‘rin egalari respublika tayyorlov markazlariga, uchinchi o‘rin egalari esa hududiy markazlarga yo‘naltiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Respublika Olimpia va Paralimpia sport markazida ikki bosqichli ta’lim tizimi joriy qilinadi: 8 – 11-sinflar uchun maktab, 1–2-kurslar uchun kollej faoliyat yuritadi. 2026-yildan sportchilar soni 800 nafarga yetkaziladi. Ularga Sport vazirligi hisobidan oylik stipendiyalar beriladi.
Bundan tashqari, Olimpiada o‘yinlari va jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar oliy harbiy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Navbahor Hamidova Jahon kubogida chempion bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik ayol bokschi bo‘lgani haqida yozgan edi.