
O‘zbekistonda «Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligiga doir videoselektor yig‘ilishida e’lon qildi.
Yig‘ilishda joriy yilning dastlabki olti oyida 20 ta hududda yo‘l-transport hodisalari soni yuqoriligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, og‘ir oqibatli avariyalar sezilarli darajada kamaygan tuman va shaharlar ham borligi qayd etildi. Xususan, Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari hamda Ohangaron, Shirin, Nurafshon va Xonobod shaharlarida vaziyat ancha barqarorlashgan, bu hududlarda birorta ham o‘lim bilan yakunlangan avariya qayd etilmagan.
Biroq Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor va Bektemir tumanlarida holat o‘zgarishsiz qolayotganiga e’tibor qaratildi.
Mutasaddilarga O‘zbekistonda har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan o‘lim bilan bog‘liq avariyalar soni MDH davlatlari ichida eng past bo‘lsa-da, bu xotirjamlik uchun asos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
«Afsuski, har to‘rtinchi avariyada kamida 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani jiddiy o‘ylantirishi kerak», — dedi prezident.
Davlat rahbari qayerda hokimiyat va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bilan birgalikda shug‘ullansa, aynan o‘sha yerda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ta’kidladi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar holati o‘rganildi. Natijada 1 ming 557 kilometr yo‘lda beton va temir to‘siqlar, 967 kilometr trotuar va 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlangan.
Shu munosabat bilan davlat rahbari yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va avariyalarni kamaytirishga qaratilgan «Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi boshlanganini e’lon qildi.
«Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi haqida
Dastur doirasida «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil etilib, Hukumat tasarrufiga o‘tkaziladi.
Har bir viloyatda ushbu jamg‘armaning alohida filiallari faoliyat yuritadi. Joriy yilda barcha manbalar hisobidan jamg‘arma hisobiga 400 milliard so‘m mablag‘ tushishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, foto va video radarlar orqali budjetga tushadigan jarimalarning 25 foizi ham jamg‘arma va uning hududiy bo‘linmalariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi tizimidagi yo‘l belgilarini va svetoforlarni o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar viloyat hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.
Jamg‘arma faoliyati ochiq va shaffof bo‘lib, uning tarkibiga viloyat YHXBB va yo‘l boshqarmasi rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari kiradi.
Endilikda jamg‘arma mablag‘lari birinchi navbatda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi. Bunda yo‘l ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatish, yangi yo‘l belgilarini o‘rnatish, yo‘llarni yoritish, piyodalar yo‘laklari tashkil etish va chorrahalarni raqamlashtirish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar bergandi.