Yangiliklar

O‘zbekistonlik yosh matematiklar Singapurdagi musobaqada 16 ta medalni qo‘lga kiritdi

Tashkilotchilar kelgusida musobaqani O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi
O‘zbekistonlik yosh matematiklar Singapurda 16 ta medalni qo‘lga kiritdi. Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonlik yosh matematiklar Singapurda 16 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Singapurda Singapore International Math Olympiad Challenge (SIMOC – 2025) xalqaro olimpiadasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini 45 nafar iqtidorli yosh matematik himoya qildi. Ular milliy saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Mind Sports va Math Warriors kabi noodatiy formatlardagi bellashuvlarda o‘z bilim va salohiyatini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik yoshlar 4 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, 13 nafar ishtirokchi rag‘batlantiruvchi diplom, 30 nafari esa faol ishtiroki uchun maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.

SIMOC tashkilotchilari kelgusida musobaqaning muayyan bosqichini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bolalarni matematik hisoblashga qanday oson o‘rgatish mumkinligi haqida yozgandi.