
Samsung kompaniyasi Galaxy S25 FE smartfonining korpusini yanada yupqalashtirmoqda. Gizmochina nashrining xabar berishicha, yangi modelda ekran ramkalari ingichkalashtiriladi.
Smartfonda displey esa 120 Hz yangilanish chastotasiga ega bo‘ladi. Galaxy S25 FE ilgari chiqarilgan S24 FE modeliga qaraganda 0,6 mm yupqaroq bo‘ladi.
Yangi qurilma qalinligi 7,4 mm ni tashkil etadi. Bu natijaga moslashuvchan OLED ekran qo‘llanilishi orqali erishilgan. Old panel ham yangilanadi: ekran atrofidagi ramkalar har tomonlama toraytiriladi. Dizayn jihatidan bu model Galaxy S25 va S25 Edge flagmanlariga yaqinlashadi.
GeekBench bazasida paydo bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S25 FE Exynos 2400 chipi bilan ishlaydi. Qurilmaga 8 GB operativ xotira va Android 16 tizimi o‘rnatiladi. Batareya sig‘imi 4700 mA/soat bo‘lib, 45 Vt tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Asosiy kamera tizimi uchta obyektivdan iborat: – 50 MP asosiy sensor, – 12 MP ultra keng burchakli obyektiv, – 8 MP telefoto linzasi. Old kamera esa 12 MP bo‘lib, oldingi modellardagi kabi saqlanadi.
Yangi Galaxy S25 FE o‘zining yangilangan dizayni va zamonaviy xususiyatlari bilan FE seriyasining flagmanlarga yaqinlashayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra haqida ilk ma’lumotlar e’lon qilingani haqida yozgan edi.
Galaxy S26 Ultra 200 megapikselli asosiy sensor bilan jihozlanadi. Ayni paytda bu yangi sensormi yoki avvalgi ISOCELL HP2 modeli bo‘ladimi aniq emas. Agar yana ISOCELL HP2 ishlatilsa, bu sensor ketma-ket to‘rtinchi Galaxy S Ultra modelida qo‘llaniladi.