Gadjetlar

Tecno yangi smartfonlarini taqdim etdi

Spark 40 Pro+ modeli MediaTek Helio G200 protsessori asosida ishlaydi
Tecno
Foto: GSMArena

Tecno Spark 40 seriyasini to‘rtta model bilan boyitdi. Ular Tecno Spark 40, 40C, 40 Pro va 40 Pro+ modellaridir. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Pro versiyalari o‘zining yupqaligi bilan ajralib turadi. Ularning qalinligi atigi 6,69 va 6,49 mm. Bu ularni bozordagi eng yupqa smartfonlardan biriga aylantiradi.

Spark 40 Pro+ modeli MediaTek Helio G200 protsessori asosida ishlaydi. U IP64 namlikdan himoya darajasi, 5200 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 45 vattlik tezkor quvvat olish imkoniyatiga ega.

Bundan tashqari, 30 vattli simsiz va 5 vattli teskari simsiz quvvatlash funksiyalari ham mavjud.

Smartfonda 6,78 dyuymli OLED ekran bor. Uning aniqligi 1224p, yangilanish chastotasi esa 144 Hz’ni tashkil qiladi. Shuningdek, ekran 2160 Hz chastotadagi PWM texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Spark 40 Pro modelida esa biroz sodda Helio G100 Ultra chipi ishlatilgan. Unda simsiz quvvatlash funksiyasi yo‘q. Yangi seriyaning narxlari hozircha rasman e’lon qilinmagan, biroq Spark 40 Pro+ modelining narxi taxminan 200 yevroga teng bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tecno Pova 7 Ultra 5G smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.