
Toshkent halqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15 – 20 kilometrga uzaytiriladi, qo‘shimcha ravishda yangi 6 ta marshrut ochiladi. Bu haqda prezident rahbarligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident endilikda o‘rta va uzoq masofaga qatnovchi jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ma’lum qildi. Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnovlarga alohida yondashuv belgilanadi.
Bugungi kunda poytaxtga kuniga 1 millionga yaqin odam keladi, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan. Shu sababli Toshkent jamoat transporti yagona aglomeratsion tizimga o‘tib, viloyatning barcha tutash hududlarini qamrab oladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik yaratadi.
«Aholi ‘yo‘nalishlar uzayadi, kutish vaqti ortadi’, deb xavotir olmasin. Sentabrga qadar poytaxtga 200 ta, keyingi yili esa yana 1 mingta avtobus olib kelamiz», – dedi prezident.
Yangi tizim Toshkent shahri va viloyati uchun joriy yilning 1-sentabridan, boshqa yirik shaharlarda esa 2026-yil 1-yanvardan ishga tushiriladi.
Avvalroq «Kursiv» xalqaro yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga 200 mln dollar yo‘naltirilishi haqida yozgandi.