Avto

Toyota vodorodda ishlaydigan yangi sport avtomobilini taqdim etdi

Jamoa ushbu avtomobil bilan Finlyandiya rallisida debyut qilmoqchi
Toyota vodorodda ishlaydigan yangi sport avtomobilini taqdim etdi. Foto: newsroom.toyota.eu

Toyota Gazoo Racing jamoasi GR Yaris Rally2 H2 nomli vodorod dvigateli bilan jihozlangan ralliga mo‘ljallangan avtomobilni taqdim etdi.

Jamoa ushbu avtomobil bilan Finlyandiya rallisida debyut qilmoqchi. Kompaniya 2021-yildan buyon vodorod dvigateli o‘rnatilgan Corolla avtomobili bilan musobaqalarda qatnashib keladi.

Vodorod dvigatelli avtomobilning oddiy avtomobildan farqi shundaki, unda yonilg‘i o‘rniga vodorod gazi quyiladi.

U qanday ishlaydi

Vodorod dvigatelining ikki asosiy turi bor. Ichki yonuv vodorod dvigateli — oddiy benzin dvigateliga o‘xshaydi, lekin unda yonilg‘i o‘rniga siqilgan vodorod gazi yoqiladi. Yonish jarayonida asosan suv bug‘i ajraladi, shuning uchun zararli gaz chiqindisi deyarli bo‘lmaydi.
Vodorod yonilg‘i elementi esa boshqacha ishlaydi: vodorod maxsus qurilmada kislorod bilan reaksiya qilib, elektr toki ishlab chiqaradi. Shu tok avtomobilning elektr motorini harakatga keltiradi. Bu — elektromobilning bir turi, faqat elektr tarmog‘idan emas, vodoroddan quvvatlanadi.

Vodorod avtomobillarining afzalligi nimada

Ushbu avtomobillar ekologiyaga umuman zarar yetkazmaydi. Yonish jarayonida zararli gaz emas, oddiy suv ajraladi. Avtomobilning bakini tez to‘ldirish mumkin. Vodorod benzin kabi tez quyiladi. Bu esa elektromobilni quvvatlashdan ancha tez.

Bunday avtomobillar quvvatli va tez yuradi. Uzoq yo‘l uchun ham mos.

Qanday kamchiligi bor

Vodorod zapravka stansiyalarining infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan. Faqat Markaziy Osiyoda emas, dunyo bo‘yicha ham juda kam. Bundan tashqari, vodorod gazini saqlash ham oson emas — u juda yengil va tez yonuvchi gaz. Saqlash uchun maxsus ballonlar zarur, narxi ham qimmat. Texnologiya hali ham rivojlanish bosqichida va takomillashtirishni talab qiladi.

Texnik tavsifi

Avtomobil GR Yaris Rally2 shassisi asosida yaratilgan. Siqilgan vodorod bilan ishlaydigan ichki yonuv dvigateli bilan jihozlangan.

GR Yaris Rally2 H2 avtomobili Finlyandiyaning Yuvyaskyula shahridagi TGR-WRT shtab-kvartirasida tayyorlangan. U mahalliy yo‘llarda, jumladan, Finlyandiya rallisida foydalaniladigan o‘rmonli va shag‘alli yo‘llarda sinovdan o‘tgan. Rulda TGR-WRT jamoasi rahbari o‘rinbosari, to‘rt karra jahon chempioni Yuha Kankkunen bo‘ladi.

Avvalroq Toyota yangi Prius Plug-in Hybrid 2026’ni taqdim etgandi.