Yangiliklar

Tramp ma’muriyatidagi mansabdorlardan biri aslida O‘zbekistonda tug‘ilgan

U Malta fuqarosi sifatida tanilgan
Tramp ma’muriyatidagi mansabdorlardan biri aslida O‘zbekistonda tug‘ilgan / Foto:

Donald Tramp ma’muriyatidagi asosiy shaxslardan biri, kadrlar tanlovi va tekshiruviga mas’ul bo‘lgan Serxio Gor tug‘ilgan joyi borasida yolg‘on ma’lumot bergani fosh bo‘ldi. Avvaliga o‘zini Malta orolidan chiqqan muhojir deb tanishtirgan Gor aslida O‘zbekistonda tug‘ilgan ekan. Bu haqda Times of Malta nashri rasmiy hujjatlarga asoslanib xabar berdi.

38 yoshli Serjio Gor uzoq vaqt davomida o‘zini O‘rta yer dengizidagi quyoshli orol – Malta fuqarosi deb ko‘rsatib kelgan. Ammo Malta rasmiylari uning tug‘ilganligi haqida hech qanday yozuvga ega emasliklarini ma’lum qilishgan. Gor esa bu savollardan qochib, faqatgina: «Men Rossiyada tug‘ilmaganman», degan javob bilan cheklangan.

Jurnalistlar Gor 1986-yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilganini aniqlashdi. Onasi Liya Goroxovskaya esa 1994-yilda Maltaga ko‘chib o‘tgan va u yerda o‘zini Isroil fuqarosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, biznes ochgan.

2021-yilda Maltada uy sotib olayotganda Serjio Gor rasmiy hujjatlarda tug‘ilgan joyi sifatida O‘zbekistonni ko‘rsatgan.

Maxfiylik muammosi

Bu voqea shov-shuvga sabab bo‘ldi, chunki Gor hali-hanuz SF-86 shaklini taqdim qilmagan. Bu hujjat AQShda maxfiy ma’lumotlarga doimiy kirish uchun majburiy hisoblanadi. Oq uy bu anketani «to‘ldirgan»ini bildirgan bo‘lsa-da, uni topshirganiga oid hech qanday dalil taqdim etilmagan.

Hozirda Gorning vaqtinchalik maxfiy ma’lumotlarga kirish ruxsati iyul oyida tugaydi. Bu esa uning Oq uyda 4 mingdan ortiq lavozim tayinlovlari ustidan nazorat yuritish vakolatini xavf ostiga qo‘yadi.

Prezident atrofida xavotir kuchaymoqda

Tramp atrofidagi manbalar bu holatdan hayratda. Ba’zilarning fikricha, Gor ataylab o‘zining asl kelib chiqishini yashirgan. Bu fosh etilish uning siyosiy obro‘siga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

Serjio Gor ilgari senator Rand Pol yordamchisi sifatida ishlagan. Trampning prezidentlik muddati oralig‘ida u nashriyot ochib, sobiq prezident bilan birga fotoalbom chiqarib, katta daromadga ega bo‘lgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u Florida shtatida qiymati $3 mlnlik hashamatli uy sotib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston vakili Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari komissiyasiga saylangan edi.