«UzTest» 6 mlrd so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflanganini rad etdi

eʼlon qilindi
400 million so‘mlik uskunalar o‘g‘irlangani tasdiqlandi
talonchilik
Foto: O‘zA

Ijtimoiy tarmoqlardagi «UzTest» Buxoro hududiy filialida ayrim sinov va o‘lchash uskunalari o‘g‘irlangani, markazida 6 milliard so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflangani haqida xabarlar tarqalgandi. Markaz xabarlar yuzasidan markaz rasmiy bayonot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining Buxorodagi bo‘linmasida umumiy qiymati 400 million so‘mlik uskunalar – 150 million so‘mlik tormoz stendi va 250 million so‘mlik gazballonlarni o‘lchash vositalari o‘g‘irlangani tasdiqlandi.

Ushbu holat o‘tgan yilda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Komplaens nazorat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar chog‘ida aniqlangan. Hodisaga oid hujjatlar 2024-yil noyabr oyida Buxoro viloyati huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan va ayni paytda surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Shu bilan birga, «UzTest» markazida 6 milliard so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflangani haqidagi da’volar mutlaqo asossiz ekani bildirildi. Agentlik matbuot xizmatiga ko‘ra, markaz moliyaviy faoliyati doimiy ravishda nazorat ostida bo‘lib, bu kabi mish-mishlarga asos yo‘q.

«Shu o‘rinda, jamoatchlik fikrini chalg‘itadigan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatayotgan ijtimoiy tarmoq mas’ullariga tiyilishlarini, huquqni muhofaza qilish idoralaridan esa bu kabi holatlarga vakolat doirasida tegishli choralar ko‘rishlarini so‘rab qolamiz», — deyiladi «UzTest» axborotida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zA xabariga tayanib ushbu holat haqida xabar bergandi.

Shuningdek