Yangiliklar

Xalqaro jinoiy sud Tolibon rahbarlariga hibs orderi chiqardi

Ular 2021-yildan buyon hokimiyat tepasida
Xalqaro jinoiy sud Tolibon rahbarlariga hibs orderi chiqardi / Foto: Xalqaro jinoiy sud

2025-yil 8-iyul kuni Xalqaro jinoiy sudning Sudoldi palatasi Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha Tolibonning oliy rahbar Haybatulloh Oxundzoda va bosh sudya Abdul Hakim Haqqoniy uchun hibsga olish orderlarini chiqardi.

Ular 2021-yil 15-avgustdan boshlab Afg‘onistonda amalda hokimiyatni olib borib kelayotgan shaxslar sifatida tan olingan.

Sud ularni gender asosidagi insoniyatga qarshi jinoyatlar, xususan, ayollar va qizlarga qarshi ta’qib, ta’limdan mahrum qilish, harakat va fikr erkinligini cheklash bo‘yicha ayblamoqda. Jinoyatlar 2021-yildan 2025-yil yanvariga qadar davom etgani aytilmoqda.

Sudga ko‘ra, Tolibon siyosati butun aholi, ayniqsa, ayollar huquqlarini jiddiy buzgan. Ayollar va ularning huquqlarini himoya qilgan shaxslar ham siyosiy nishonga aylangan.

Hozircha orderlar maxfiy saqlanmoqda, ammo sud bu jinoyatlarning davom etayotgani bois holatni jamoatchilikka ma’lum qilishni zarur deb topdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Afg‘oniston Islom amirligini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘lgan edi.