Yangiliklar

Xalqaro yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga 200 mln dollar yo‘naltiriladi

1-oktabrga qadar Toshkent – Samarqand – Termiz, Toshkent – vodiy, Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligi o‘rganiladi
Xalqaro yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga 200 million dollar yo‘naltiriladi. Foto: Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi

Xalqaro yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga $200 million yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Respublika va xalqaro yo‘llarda 1,2 mingdan ortiq qayrilib olish joyi mavjud bo‘lsa-da, ularning faqat 146 tasida yerosti va yerusti yo‘llari mavjud. 10 mingdan ziyod piyodalar o‘tish joylarining esa atigi 154 tasi yerosti yoki ustidan tashkil etilgan.

Shu sababli 1-oktabrga qadar Toshkent – Samarqand – Termiz, Toshkent – vodiy, Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligi o‘rganiladi.

Yil yakuniga qadar qancha yerosti va yerusti qayrilish hamda piyodalar o‘tish joylari, zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilarini o‘rnatish va chiziqlar chizish zarurligi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqiladi.

Kelgusi yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan ushbu maqsadlar uchun $200 million yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda «Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi boshlanishi haqida xabar bergandi.

Dastur doirasida «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil etilib, Hukumat tasarrufiga o‘tkaziladi.