
Xiaomi yaqinda YU7 modelidagi ilk krossoverini sotuvga chiqargan edi. Endi kompaniya undan ham katta hajmdagi yangi avtomobilni – hozircha Xiaomi YU9 deb atalayotgan modelni sinovdan o‘tkazmoqda. «Avtorevyu» nashrida avtomobilning ilk suratlari paydo bo‘ldi.
Model hajmi jihatidan besh metrdan uzun bo‘lib, uch qator o‘rindiqqa ega bo‘ladi. Uning dizayni avvalgi Xiaomi mashinalaridan farqli: shakllari ancha burchakli va keskinroq. Bu avtomobil to‘liq gibrid bo‘lishi kutilmoqda. YU9 elektr platformaga asoslangan bo‘lsa-da, unga benzin generatori ham qo‘shiladi. Bu texnologiya yurish masofasini 1500 kilometrgacha oshiradi.
Xitoy OAVlariga ko‘ra, YU9 modelining asosiy raqiblari Li L9 va Aito M9 bo‘ladi. Narxi esa 400 ming yuandan boshlanishi kutilmoqda. Mashinaning ilk namoyishi yil oxirigacha, seriyali ishlab chiqarilishi esa 2026 yilda bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Redmi K90 Pro haqida ilk ma’lumotlar e’lon qilingani haqida yozgan edi.