
Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon hududlarida xorijga ishga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan katta miqdorda pul olgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Sergeli tumanida ikki fuqaro boshqa bir kishini AQShga ishga yuborishini va’da qilib, undan $22 ming olgan. Ular ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Namangan viloyatida esa yana bir shaxs Yaponiyaga ishga yuborishni va’da qilib, fuqarodan $10 ming olgan vaqtida ushlangan (umumiy kelishuv $32 ming bo‘lgan).
Farg‘onada bir xususiy korxona rahbari o‘zini Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimi deb tanishtirib, yana bir fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishini aytgan va evaziga $5 ming olgan. Andijonda esa o‘quv markazi xodimi boshqa bir kishiga G1 viza olib berib, uni Janubiy Koreyaga yuborishini aytib, $4,5 ming olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX bir necha viloyatlarda yirik mansabdor shaxslarni pora bilan qo‘lga tushirgan edi.