
Braziliyada Chevrolet Onix va Onix Plus modellarining yangilangan versiyasi namoyish etildi. Bu haqda Kolesa nashri xabar bermoqda.
Xetchback (5 eshikli va salon bilan umumiy yukxonaga ega avtomobil turi) va sedan biroz tashqi o‘zgartirishlarni olgan. Old bamper va radiator panjarasi yangilandi. Faralarda L-shaklidagi LED kunduzgi chiroqlar qo‘shilgan. Qimmat versiyalarda to‘liq LED optika, oddiylarida esa halogen chiroqlar mavjud.

Sedan orqa chiroqlari «yarim shaffof» holda taqdim etildi, xetchback esa yangi chiroq dizaynini olgan.
Chevrolet Onix RS sport versiyasi ham saqlanib qolgan bo‘lib, unda qora detal, yirik spoyler va 16 dyuymli disklar mavjud.
Yangi multimedia tizimi endi 11 dyuymli sensorli ekran bilan ta’minlangan. Barcha versiyalarda 6 ta xavfsizlik yostiqchasi mavjud.

Qimmat variantlarda 8 dyuymli raqamli panel, konditsioner, orqa kamera, parkovka yordam tizimi mavjud. RS versiyasida esa simsiz telefon quvvatlash funksiyasi ham bor.
Dvigatellar ekologik talablar bo‘yicha yangilandi. Quvvati biroz oshdi.
Motorlar 1.0 hajmdagi 3 silindrli atmosferali yoki turbomotorlar. Benzin va etanol yoqilg‘isida ishlaydi.

Uning motor quvvati 80 – 82 ot kuchi, turbo esa 116 – 121 ot kuchidan iborat. Uzatmalar qutisi 6 pog‘onali mexanik yoki avtomatik shaklda taqdim etiladi.
Yangilangan Onix va Onix Plus yaqin kunlarda savdoga chiqadi. Keyinchalik bu modellar boshqa Lotin Amerikasi davlatlariga ham yetkaziladi.
Onix sedan O‘zbekistonda ham ishlab chiqarilmoqda. Yil boshidan boshlab 7 ming dona Onix sotilgan. Shu sabab yangilanish O‘zbekistonga keyinroq kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix avtomobili xorijdagi versiyalaridan qanday farq qilishi haqida yozgan edi.