198 mln dollar faqat Shota Rustaveli ko‘chasi rekonstruksiyasiga sarflanmaydi – poytaxt hokimligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasi rekonstruksiyasiga $198 million dollar sarflanishi haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi ushbu ma’lumotlar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, $198 million – bu faqat Shota Rustaveli ko‘chasi emas, balki poytaxtning 200 kilometrga yaqin yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan dastlabki umumiy hisob-kitob. Loyihaning yakuniy narxi bajarilgan real ishlar asosida shakllantiriladi.
Bu ko‘cha bilan bir qatorda, Amir Temur shohko‘chasi, Shahrisabz hamda Yangi Sergeli ko‘chasi va Olmazor tumanidagi yirik yo‘l obyektlarining rekonstruksiya ishlari ham birinchi bosqichga kiritilgan. Bu bosqichning umumiy qiymati $50 millionga baholangan.
Ushbu yirik infratuzilma loyihalari Xitoyning China State Construction Engineering Corporation kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Toshkent shahar hokimligi, TIC Engineering, «Tashkent Invest kompaniyasi» AJ va boshqa pudratchi tashkilotlar bilan ham kelishuv mavjud.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida $300 million miqdorida investitsiya jalb qilinganini tasdiqlagan. Bu mablag‘lar yo‘l qurilishi, Shota Rustaveli ko‘chasini to‘liq rekonstruksiya qilish hamda to‘rtta yerusti va yerosti yo‘l o‘tkazgichlarini qurishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasidagi konditsionerlar ko‘chirilishiga izoh berilgani haqida yozgandi.