40 – 50 yillik avtomashinalar iste’moldan chiqarilishi mumkin

eʼlon qilindi
Yirik shaharlarda
eski mashinalar
40 – 50 yillik avtomashinalar iste’moldan chiqarilishi mumkin / Foto: Vikipidiya

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 40 – 50 yil bo‘lgan avtomobillarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish taklif qilindi. Bu haqda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ma’lum qildi.

Qodirovning ta’kidlashicha, Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlarida «Yevro – 5» va undan past ekologik standartga ega eski avtomobillarni bosqichma-bosqich cheklash rejalashtirilmoqda.

Uning aytishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda bir qator muhim tavsiyalar va tashabbuslar muhokama qilingan.

Deputat 40 – 50 yillik avtomobillarni foydalanishdan chiqarishni to‘g‘ri qaror deb baholagan. Hatto, bunday cheklovlarni 25 – 30 yillik mashinalarga ham tatbiq etish mumkinligini ta’kidlagan. Biroq bunday holatda fuqarolar uchun avtomobilni yangilashga qulay shart-sharoitlar yaratilishi lozimligini qo‘shimcha qilgan.

Yig‘ilishda, shuningdek, davlat xizmatidagi avtomashinalarga imtiyozli munosabatni bekor qilish taklifi ham ilgari surildi. Qodirovning fikricha, tartib-qoidalar jamiyatdagi barcha qatlamlar uchun bir xil bo‘lishi shart.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida «Surunkali qoidabuzarlar» tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakat qilish, qizil chiroqda o‘tish kabi xatti-harakatlar bir oyda ikki marotaba, tezlikni oshirish esa besh marta takrorlansa – haydovchi bir yil davomida jarimalar bo‘yicha imtiyozlardan foydalana olmaydi.

Alisher Qodirov / Foto: Alisher Qodirovning instagram sahifasi

Ichki ishlar tizimidagi kadrlar masalasi ham muhokama markazida bo‘lgan.

«Bu sohada ishini yaxshi biladigan, o‘qigan, har tomonlama jamiyatga namuna bo‘ladigan qorako‘zlar ishlashi kerak, vazirlikdagi mansabdorning jiyan yoki hamqishloqlari emas. Jamiyat formadagi xodimlar bilan faxrlanishi kerak», – degan deputat.

Deputatning ma’lum qilishicha, endilikda qonunlarni o‘zgartirish bo‘yicha keng qamrovli maslahatlashuvlar boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan eng muammoli yo‘l uchastkalari elektron portal orqali aniqlanishi haqida yozgan edi.

Shuningdek