
Andijon va Surxondaryoda soliq inspektorlari ustidan ish ochildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati Soliq boshqarmasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori mansab mavqeyidan foydalangan. U Oltinko‘l tumanida radio va teleapparaturalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJga katta miqdorda soliq hisoblanishi va tekshiruv o‘tkazilishini aytgan. Shundan so‘ng, Soliq boshqarmasidagi hamkasblari orqali ushbu tekshiruvni o‘tkazmaslikni va’da qilib, evaziga $3 ming talab qilgan va dastlab uning $500 ni olgan. U qolgan $2,5 mingini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ikkinchi holatda Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasi Soliq organlari faoliyatini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi MChJni sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish bilan qo‘rqitgan. MChJ moped va ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, inspektor tanishlari orqali bu tekshiruvni amalga oshirmaslik evaziga $2,5 ming talab qilgan va ushbu pulni olayotganida qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur inspektorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Jizzaxda hokim, Sirdaryoda prokuror o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olingani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi mutasaddisi tadbirkordan $30 ming pora talab qilib, $10 mingni hokimga bergan paytda qo‘lga olindi. Sirdaryoda esa Guliston shahri prokurori o‘rinbosari tadbirkordan jinoyat ishini ijobiy hal qilish evaziga $10 ming pora olgan vaqtida ushlangan.