O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida Toshkent – Al-Kuvayt yo‘nalishida muntazam aviaqatnov ochilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbus Kuvaytda o‘tkazilgan «O‘zbekiston – Kuvayt» xalqaro turizm forumi doirasidagi muzokaralar chog‘ida ilgari surildi.
Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev forum davomida Kuvayt sayyohlik va turizm agentliklari uyushmasi raisi Muhammad Al-Mutayri hamda Axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Nosir Muhaysen bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.



Foto: Turizm qo‘mitasi
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish, madaniy va qishki turizm dasturlarini ishlab chiqish, «Umra+» tashabbusini kengaytirish va yirik sayyohlik ko‘rgazmalarida hamkorlikda qatnashish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Uchrashuv yakunida 2025 – 2027-yillarga mo‘ljallangan ikki davlat o‘rtasidagi turizm sohasidagi chora-tadbirlar dasturiga muvofiq Harakat rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bahrayn, Kuvayt va O‘monliklarga O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingani haqida xabar bergan edi.