
Dubay markazida, Burj Xalifa yaqinida sentabr oyida «Woohoo» nomli yangi restoran ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.

U o‘zini «Kelajakdagi ovqatlanish» deb ataydi. Bu yerda taomlar insonlar tomonidan tayyorlansa-da, menyu, muhit va xizmat sun’iy intellekt – «Chef Aiman» tomonidan yaratiladi.
«Chef Aiman» – oziq-ovqat ilmi va minglab retseptlar asosida o‘rgatilgan SI model bo‘lib, noodatiy ta’m kombinatsiyalarini taklif qiladi. Tajriba retseptlar inson oshpazlari tomonidan tatib ko‘riladi va mukammallashtiriladi. Loyiha Dubaylik taniqli oshpaz Reif Othman boshchiligida olib boriladi.

Tashkilotchilarning aytishicha, Aiman oshpazlarni almashtirmaydi, balki ularning ijodkorligini oshiradi. U chiqindiga ketadigan mahsulotlarni qayta ishlatish orqali barqarorlikni ham ta’minlashi mumkin. Kelajakda Aiman butun dunyo restoranlariga litsenziya asosida taklif qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubayda rekord og‘irlikdagi oltin quymasi tayyorlangan edi.