
Xitoyda Jeep avtomobillarini yig‘ish bilan shug‘ullangan GAC Fiat Chrysler Automobiles kompaniyasi rasmiy ravishda bankrot deb e’lon qilindi. Bu haqda 32cars.ru nashri xabar berdi.
Ushbu qo‘shma korxona 2009-yilda Stellantis va GAC (Guangzhou Automobile Group) o‘rtasida tashkil etilgan bo‘lib, Jeep brendi avtomobillarini Xitoy ichki bozori uchun ishlab chiqarishga mo‘ljallangandi.
Ammo 2022-yilda hamkorlik tugatilganidan so‘ng Stellantis Jeep’ni faqat import asosida sotishni boshladi. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishning tugashiga olib keldi.
Bankrotlikka sabab sifatida kompaniya boshqaruvchilari moliyaviy tiklanishning imkonsizligini va istiqbollarning yo‘qligini ko‘rsatishdi. Korxonaga nisbatan 600 ga yaqin da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy summasi 1,4 milliard yuanga, ya’ni $192 millionga teng bo‘lgan.
Ammo keyinchalik audit jarayonida bu raqam kamaytirildi. Sud kompaniya aktivlarini taqsimlash rejasini ma’qulladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan may oyida yangi Jeep Cherokee taqdim etilgani haqida yozgandi.