
Nissan kompaniyasi Buyuk Britaniyadagi Sanderlend zavodida Qashqai krossoverining eng ilg‘or versiyasini ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda Amonline ma’lum qildi.
U yangilangan e-Power tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, avtomobil g‘ildiraklarini faqat elektr motor harakatga keltiradi, benzin dvigateli esa faqatgina batareyani zaryadlash uchun xizmat qiladi.
Yangi tizim silliq tezlanish, kam shovqin va yoqilg‘i tejamkorligi bilan ajralib turadi. WLTP standarti bo‘yicha yoqilg‘i sarfi 4,5 l/100 km bo‘lib, bitta bak bilan 1200 km masofa bosish mumkin.
Bu model Nissan’ning elektromobillarga o‘tish bo‘yicha EV36Zero dasturining bir qismi bo‘lib, Sanderlend zavodini elektr transport vositalari markaziga aylantirishni ko‘zlaydi. Dastur doirasida yangi avlod Nissan Leaf va 2026-yilda to‘liq elektr Juke ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan 2026-yildan Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarni eksport qilishni boshlashi haqida yozgan edik.