«O‘zagrosug‘urta»ni xususiylashtirish jarayoni boshlandi

eʼlon qilindi
99,35 foizlik aksiyalar paketi sotuvga qo‘yildi
milliy qayta sug‘urta kompaniyasi
«O‘zagrosug‘urta»ni xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Foto: sorapopu / www.depositphotos.com

«O‘zagrosug‘urta»ning 99,35 foizlik aksiyalar paketi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Ushbu aktivni xususiylashtirish jarayoniga mahalliy va xorijiy investorlar teng asosda taklif etilmoqda. Savdolarda ishtirok etish uchun arizalar shu yilning 22-avgustigacha Toshkent vaqti bilan soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.

Jarayon qanday kechadi

Xususiylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda investorlar o‘z qiziqishlarini bildirgan ariza bilan birga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

  • kompaniya va uning egalariga doir ma’lumotlar;
  • so‘nggi 3 yilga oid moliyaviy hisobotlar.

Hujjatlar o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida quyidagi elektron manzilga yuboriladi: jmamadjanov@deloitte.uz.

Yuborilgan arizalar moliyaviy barqarorlik, xalqaro sanksiyalar ro‘yxatida yo‘qlik kabi mezonlar asosida baholanadi. Talablarga javob beradigan nomzodlarga keyingi bosqich haqida rasmiy xat yuboriladi.

Ikkinchi bosqichda investorlar maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv (NDA)ni imzolaganidan so‘ng, «O‘zagrosug‘urta»ga doir batafsil tahliliy ma’lumotlar va shartnomalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shundan keyin ular majburiy xarid taklifini berishlari va taklif qiymatining kamida 1 foizini garov summasi sifatida to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bu mablag‘lar g‘olibdan boshqa barcha ishtirokchilarga qaytariladi.

Kimlar jarayonga mas’ul

Ushbu bitimning bosh maslahatchisi sifatida Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi jalb etilgan, aktivning mustaqil bahosini esa PwC amalga oshirmoqda.

Kompaniya haqida

«O‘zagrosug‘urta» – O‘zbekistonning yirik sug‘urta kompaniyalaridan biri bo‘lib, respublika bo‘ylab mingga yaqin agentlik tarmog‘iga ega. Kompaniya hozirda 17 ta sug‘urta klassi bo‘yicha 100 dan ortiq turdagi xizmatlarni taqdim etadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri ILMA O‘zbekistondagi sug‘urta tashkilotlari reytingini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek