O‘zbekiston FIFA reytingida 2 pog‘ona yuqoriladi: 55-o‘ringa chiqdi

eʼlon qilindi
Tarixiy ko‘rsatkich
Foto: UFA

FIFA erkaklar terma jamoalari reytingining navbatdagi yangilangan nashrida O‘zbekiston milliy jamoasi 2 pog‘onaga yuqorilab, 55-o‘ringa chiqdi. Bu natija FIFA Jahon chempionati – 2026 saralash bosqichida va o‘rtoqlik o‘yinlarida qayd etilgan natijalarning samarasidir.

So‘nggi oylar ichida milliy terma jamoalar tomonidan 200 dan ortiq xalqaro o‘yinlar o‘tkazilgan. Aynan shu natijalar asosida jahon reytingida ko‘plab o‘zgarishlar kuzatildi.

Kuchli o‘ntalikda Xorvatiya 1 pog‘ona ko‘tarilib, Italiya hisobiga Top – 10 ga qaytdi. Portugaliya va Niderlandiya o‘zaro o‘rin almashdi, Germaniya esa 1 pog‘ona yuqorilab, 9-o‘ringa chiqdi. Eng yuqori uchlik esa o‘zgarmadi: Argentina – 1-o‘rinda, Ispaniya – 2-o‘rinda, Fransiya – 3-o‘rinda. Angliya va Braziliya esa kuchli beshlikni yakunlamoqda.

KONKAKAF Oltin Kubogi finalchilari – Meksika va AQSh ham reytingda yuqoriladi. Meksika 4 pog‘ona yuqorilab 13-o‘ringa chiqdi va mintaqaning eng yaxshi jamoasiga aylandi. AQSh esa 15-o‘ringa ko‘tarildi.

Reytingda sezilarli yutuqlar qayd etgan boshqa jamoalar qatorida Norvegiya (33-o‘rin), Paragvay (43), Shimoliy Makedoniya (62) va Zambiya (83) bor. Kosta-Rika esa 14 pog‘ona yuqorilab, 40-o‘ringa chiqqani bilan bu nashrdagi eng yirik «sakrash»ni amalga oshirdi.

Osiyoda esa Indoneziya, Malayziya, Gonkong, Xitoy va Laos terma jamoalari reytingda bir necha pog‘onaga yuqoriladi. Bermud orollari (162) va Grenada (167) ham reytingda sezilarli o‘sishga erishdi.

Kanada (28) va Kosovo (95) esa aprel oyidagi tarixiy eng yuqori natijalarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA Abduqodir Husanovni tabriklagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek