Qarachay-Cherkesiyada Markaziy Osiyo migrantlari uchun moslashuv loyihasi boshlandi

Qarachay-Cherkes Respublikasida Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlarini Rossiya jamiyatiga ijtimoiy va madaniy moslashtirishga qaratilgan yangi ta’lim loyihasi ishga tushirildi. Bu haqda Tass axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyiha doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan kelgan 1,5 mingga yaqin fuqarolarga huquqiy, madaniy va ijtimoiy me’yorlar o‘rgatiladi.
Mashg‘ulotlar 2025-yil noyabrdan boshlanadi va chet ellik fuqarolarni o‘qitish va testdan o‘tkazish markazida o‘tkaziladi. Kurslar doirasida mutaxassislar ma’ruzalari, videomateriallar namoyishi hamda har chorakda tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyiha Federal millatlar ishlari agentligi ko‘magida amalga oshirilmoqda va mintaqadagi barqarorlik hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada migrantlar uchun imtihon tartibi o‘zgargan edi.