Yangiliklar

Rossiyada migrantlar uchun imtihon tartibi o‘zgardi

10-iyuldan boshlab
Rus tili imtihoni
Rossiyada migrantlar uchun tinglab tushunish imtihoni o‘zgaradi. Foto: HED

Rossiyada 10-iyuldan boshlab migrantlar uchun imtihon talablari o‘zgardi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, endilikda Rossiyada ishlash yoki yashash uchun ruxsat olishni istaganlar rus tilini chet tili sifatida bilish, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslari bo‘yicha yangilangan tartibda imtihon topshiradi.

Tinglab tushunish bo‘yicha topshiriqlar soni ikki barobar oshiriladi – oldin ikkita bo‘lsa, endi to‘rtta bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu bo‘limni muvaffaqiyatli topshirish uchun majburiy minimal ball belgilandi.

Shuningdek, vaqtincha yashash yoki yashash guvohnomasini olish imtihonida ham tinglab tushunish va og‘zaki nutq bo‘limlari bo‘yicha minimal ballar belgilanadi.

Ta’lim va fanni nazorat qilish federal xizmati bu choralar imtihon natijalarining obyektivligini oshirishini ta’kidladi. Shuningdek, ular Rossiyada yashash va ishlashni istagan xorijiy fuqarolarni rus tilini chuqurroq o‘rganishga undaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Moskvada telefoni uch kun o‘chib qolgan migrantlar ro‘yxatdan chiqarilishi haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni maxsus ilova orqali hisobga olishning yangi tizimi ishga tushiriladi. Ushbu tizimga ko‘ra, migrantning telefon geolokatsiyasi uch ish kuni davomida aniqlanmasa, u avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqariladi.

Ya’ni agar kishi telefonni o‘chirsa, boshqa joyga ketsa yoki ilovadan foydalanmasa, bu ro‘yxatdan chiqarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, migrant Rossiyadan chiqib ketsa, vafot etsa yoki ushbu tajriba o‘tkazilmayotgan boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tsa, ro‘yxatdan chiqariladi. Yangi qoidalar 2029-yil 1-sentabrgacha amal qiladi.