
Shoirning she’ridan ruxsatsiz foydalangan xonanda Jaloliddin Axmadaliyev jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, xonanda muallif Shohrux Abduvohidovga tegishli bo‘lgan «Yurak», «Meni deb oqardi sochlaring ona», «Ko‘zlaringni qizg‘anma mendan» va «Barchasini Xudoga soldim» she’rlarini ruxsatsiz, shartnoma tuzmasdan foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan. Farg‘ona viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tumani sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.
Qonunchilikka muvofiq, muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilish huquqiga ega. Bazaviy hisoblash miqdori hozirgi paytda 375 000 so‘m, joriy yil 1-avgustdan esa 412 000 so‘m.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Botir Qodirov 100 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortilgani haqida yozgandi.