
Xitoy Long March 4C raketasi yordamida yangi Shiyan 28B01 sun’iy yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda Space Daily ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kosmik parvoz Sichuan provinsiyasidagi Sichan kosmodromida mahalliy vaqt bilan 17:35 da amalga oshirildi.
Sun’iy yo‘ldosh Xitoy Fanlar akademiyasiga qarashli Shanxay mikroyo‘ldoshlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning vazifasi – kosmik muhitni o‘rganish va yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishdir.
Ushbu parvoz Xitoyning 2025-yildagi 37-orbital missiyasi bo‘lib, Long March raketalarining 583-uchirishidir. Shu vaqtga qadar Shanxay akademiyasi jami 174 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy sun’iy yo‘ldoshlarga orbitada yonilg‘i quyishni sinovdan o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida yozgan edik.