
Turkiyaning Başakşehir klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning CSKA Moskva jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullaevni o‘z safiga qo‘shishga yaqin turibdi.
Klub yaqinda Eldor Shomurodovni tarkibga qo‘shgan bo‘lsa, endi yana bir yurtimiz vakili bilan jamoani mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Turk OAV xabarlariga ko‘ra, Fayzullaevning transferi borasida ikki klub o‘rtasida muzokaralar ijobiy yo‘nalishda ketmoqda. Transferi uchun to‘lanadigan pul miqdorida ham katta tafovut yo‘q, futbolchining o‘zi esa Başakşehirga o‘tishni xohlamoqda.
Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullaev 21 yoshda bo‘lib, «10-raqam» pozitsiyasida – hujumkor yarim himoyachi sifatida to‘p suradi. U 2023/2024-yilgi mavsumda Rossiya futboli tarixida ilk marta yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan o‘zbekistonlik bo‘ldi. Uning texnikasi, maydondagi qaror qabul qilish tezligi va golga yo‘naltirilgan o‘yin uslubi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, u O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olishida muhim rol o‘ynagan futbolchilardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya klubi Eldorni maxsus videorolik bilan kutib olgan edi.