
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Buyuk Britaniyaga tashrifi yakunida ikki davlat mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Bu haqda The New York Times nashri ma’lum qildi.
Tomonlar Storm Shadow raketalarini birgalikda ishlab chiqishni davom ettiradi. Shuningdek, yadroviy to‘siq bo‘yicha ilk marta muvofiqlashtirilgan deklaratsiya imzolanadi.
Hujjatda har ikki davlat yadroviy qurollari o‘z nazoratida qolishi, ammo Yevropaga tahdid bo‘lsa, birgalikda javob qaytarilishi mumkinligi aytilgan. Bu bayonot ikki mamlakat yadroviy siyosatini birinchi marta muvofiqlashtirishini bildiradi.
Makron va bosh vazir Keir Starmer Ukrainaga yordam, Rossiyaga bosim va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash masalalarini ham muhokama qildi. Ular Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar yig‘ilishiga ham qo‘shildi.
Bu kelishuvlar 2010-yilda imzolangan «Lankaster bitimi» asosida mudofaa sohasidagi hamkorlikni yangilaydi. Mudofaa sanoati orqali ish o‘rinlari yaratilishi va Yevropa xavfsizligi mustahkamlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yadroviy nazorat tashkiloti bilan hamkorlikni to‘xtatgan edi.