
AQSh prezidenti Donald Tramp 1-avgustdan boshlab Kanadadan olib kiriladigan mahsulotlarga 35 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan rasmiy maktubida ma’lum qildi.
Tramp AQShning 20 dan ortiq savdo hamkorlariga ham xuddi shunday ogohlantiruvchi maktublar yuborgan.
Kanada rasmiy javob berdi
Kanada bosh vaziri Mark Karni boj e’loniga javoban, mamlakat ishchilari va tadbirkorlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Kanada fentanil oqimini to‘xtatish borasida AQSh bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Tramp esa bojlarga sabab sifatida Kanadada ishlab chiqarilmagan AQSh mahsulotlariga solinayotgan soliq, fentanil oqimi va savdo nomutanosibligini ko‘rsatgan.
«Agar Kanada ushbu masalalarda biz bilan ishlasa, boj miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin», – deya yozdi Tramp.



Tariflar ta’siri: iqtisodiy bosim kuchaymoqda
Kanada eksportining 75 foizi AQShga yo‘naltiriladi. Mamlakat avtomobil sanoati, metallar va xomashyo eksportida AQSh bozoriga bog‘liq bo‘lib, yangi tariflar aynan shu sohalarga jiddiy zarba bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan avval ham Tramp Kanadaga nisbatan bir nechta sektorli bojlarga start bergan:
- Alyuminiy va po‘latga – 50%;
- Avtomobillarga – 25%;
- Mis importiga – 50% (avgustda kuchga kiradi).
Yangi 35 foizlik boj sektorli cheklovlardan tashqari, umumiy importga nisbatan joriy etiladi. Bu esa Kanada iqtisodiyotining turli sohalariga yanada kengroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp mis importiga 50 foizlik boj solinishini ma’lum qilgani haqida yozgandi.