Lifestyle

Dunyodagi birinchi Birkin sumkasi rekord narxda sotildi

Afsonaviy aksessuar Sotheby's auksionida noma’lum xaridorga sotildi
Dunyoning eng birinchi, asl Birkin sumkasi rekord narxda sotildi. Foto: Sotheby’s

Dunyodagi birinchi Hermes Birkin sumkasi Sotheby’s tomonidan rekord darajadagi $10,1 mlnga (127,9 mlrd so‘m) sotildi. Forbes nashrining yozishicha, u auksion tarixidagi eng qimmat sumka bo‘ldi.

Bu noyob buyum barcha mavjud Birkin sumkalari uchun prototip hisoblanadi. 1984-yilda uni Hermes kompaniyasining o‘sha paytdagi badiiy rahbari Jan-Lui Dyuma aynan Jeyn Birkin uchun ishlab chiqqan.

Ma’lum qilinishicha, savdolar $1,17 milliondan boshlangan va tez sur’atda oshib borgan. Xaridorning ismi esa oshkor etilmadi.

Prototip Birkin boshqa sumkalardan bir nechta xususiyati bilan farq qiladi. Avvalo, uning o‘lchami noyob – balandligi bo‘yicha 40 modeliga o‘xshaydi, lekin chuqurligi bo‘yicha 35 modeliga teng.

Shuningdek, unda oltin bilan qoplangan latun aksessuarlar, kichikroq pastki mixlar va olinmaydigan kamar mavjud. Bundan tashqari, unda Jeynning foydalanish izlari, jumladan, u yoqtirgan stiker izlari ham saqlangan. Eng muhimi, sumkaning old tarafida sobiq egasining «J.B» initsiallari (ismi va familiyasining bosh harflari) bor.

Foto: Forbes

Oldin asl Birkin ikki marta sotilgan. Birinchi safar Jeyn Birkinning o‘zi uni auksionga qo‘yib, tushgan mablag‘ni Fransiyadagi OIVga qarshi kurashuvchi Association Solidarité Sida xayriya tashkilotiga bergan. 2000-yilda esa uni parijlik kolleksioner Ketrin Bene sotib olgan va shu vaqtgacha afsonaviy aksessuar egasi bo‘lib kelgan.

Odatda Birkin sumkasi uchun brend do‘konlarida navbat bir necha oy oldindan band bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Dior kompaniyasi yangi ijodiy direktorni ishga olgani haqida yozgandi.