Yangiliklar

Yashash joyi bo‘yicha fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Ro‘yxatga olish uchta yo‘l bilan amalga oshiriladi
Foto: Arzon uylar / Youtube

«Oʻzbekiston fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, turar joyda yashash huquqiga ega mulkdor yoki ushbu joydan foydalanish huquqiga ega shaxs, o‘zida yashayotganlarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

Agar shaxs mehmonxona, xostel kabi joylashtirish vositalarida turgan bo‘lsa, u «E-mehmon» tizimi orqali mas’ul xodimlar tomonidan xabardor qilish tartibida ro‘yxatga olinadi.

Shuningdek, xorijda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirgan kundan boshlab 10 ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Ro‘yxatga olish quyidagi uchta yo‘l bilan amalga oshiriladi:

  • ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida;
  • Davlat xizmatlari markazlarida;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali.

Yashash yoki turgan joyda ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi (ya’ni bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydon) ham hisobga olinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kadastr pasportini qancha vaqtda olish mumkinligi haqida yozgan edi.