
2025/2026-o‘quv yili uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha hujjat topshirish jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Talabgorlar 2025-yil 10-avgustga qadar vazirlikning Yagona ta’lim xizmatlari portali – my.edu.uz orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida nomzodlar o‘z pasport va JSHSHIR ma’lumotlarini kiritadilar, shuningdek, diplom hamda uning ilovasining elektron nusxasini yuklaydilar. Shundan so‘ng, ular o‘qish istagini bildirgan oliy ta’lim muassasasi va yo‘nalishni tanlashlari kerak bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Qabul parametrlari esa oliy o‘quv yurtining ilmiy-pedagogik salohiyati hamda moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq magistraturaga hujjat topshirish boshlangan edi.