Lifestyle

FIDE Grand Swiss shaxmat musobaqasi ilk bor Samarqandda o‘tkaziladi

Turnir mukofot jamg‘armasi $625 ming
Nufuzli FIDE Grand Swiss musobaqasi ilk bor Samarqandda o‘tkaziladi / Foto: Uzbekistan Travel

Eng nufuzli musobaqalardan biri – FIDE Grand Swiss ilk bor O‘zbekistonda, boy shaxmat an’analariga ega Samarqandda o‘tkaziladi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Ushbu turnir jahon toji uchun da’vogarlar safini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Unda g‘olib bo‘lgan ikki shaxmatchi 2026-yilgi jahon chempionligi turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Turnir mukofot jamg‘armasi $625 mingga yetkazildi. Ayollar musobaqasi uchun esa $230 ming ajratilgan. Musobaqa shveysarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘lib, unda 172 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Kuchli ishtirokchilar safida Hindiston yulduzlari Arjun Erigaysi va Gukesh Dommaraju yetakchilik qilmoqda. Uchinchi o‘rinda esa O‘zbekiston faxri Nodirbek Abdusattorov qayd etilgan. Turnirda yana Anish Giri, Nepomnyashiy, Aronyan, Javohir Sindarov kabi yulduzlar ham dona suradi.

Biroq sobiq jahon chempionlari Magnus Karlsen va Anand, shuningdek, Fabiano Karuana kabi yulduzlar bu safar ishtirok etmaydi. Shu bilan birga, Boris Gelfand va Aleksandra Goryachkina kabi afsonaviy shaxmatchilar maxsus taklifnoma asosida qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» musobaqasi tashkil etilishi haqida yozgan edik.