
Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida medallar va ochkolar bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
4 – 10-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada O‘zbekiston o‘smirlari 3 ta oltin, 7 ta kumush va 20 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yoshlar terma jamoasi esa 5 ta oltin, 13 ta kumush va 10 ta bronza medalini yutdi.
Oltin medallar soni bo‘yicha Qozog‘iston musobaqaning yetakchisi bo‘ldi. Janubiy Koreya va Vyetnam esa uchinchi o‘rinni bo‘lishib oldi.
Musobaqa Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (AWF) tomonidan tashkil etilib, unda 27 davlatdan 189 nafar o‘smir va 154 nafar yosh sportchi qatnashdi. O‘zbekiston sharafini 32 nafar sportchi himoya qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan og‘ir atletikachilarimiz jahon chempionatida yana to‘rt medalni qo‘lga kiritishgani haqida xabar bergan edi.