
Shahrisabz ko‘chasining uzunligi (3 km) bo‘ylab (Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylanma yo‘ldan Amir Temur shohko‘chasi bilan kesishmasigacha) rekonstruksiya ishlari boshlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qurilish-ta’mirlash ishlari transport harakatini to‘xtatmagan holda olib borilmoqda. Bu tirbandliklar va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Agar ishlar davomida yo‘l qismini vaqtincha yopish zarurati tug‘ilsa, bu haqda alohida ma’lumot berilishi ta’kidlangan.
Toshkent shahar hokimligi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasi rekonstruksiyasiga $198 million dollar sarflanishi haqida xabarlarga hokimlik matbuot xizmati munosabat bildirgan edi.
Unga ko‘ra, $198 million – bu faqat Shota Rustaveli ko‘chasi emas, balki poytaxtning 200 kilometrga yaqin yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan dastlabki umumiy hisob-kitob. Loyihaning yakuniy narxi bajarilgan real ishlar asosida shakllantiriladi.
Bu ko‘cha bilan bir qatorda, Amir Temur shohko‘chasi, Shahrisabz hamda Yangi Sergeli ko‘chasi va Olmazor tumanidagi yirik yo‘l obyektlarining rekonstruksiya ishlari ham birinchi bosqichga kiritilgan. Bu bosqichning umumiy qiymati $50 millionga baholangan.
Ushbu yirik infratuzilma loyihalari Xitoyning China State Construction Engineering Corporation kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Toshkent shahar hokimligi, TIC Engineering, «Tashkent Invest kompaniyasi» AJ va boshqa pudratchi tashkilotlar bilan ham kelishuv mavjud.