Yangiliklar

Ulug‘bek Rashitov antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilib, ikki yilga musobaqalardan chetlatildi

ITA bu ish bo‘yicha qo‘shimcha izoh bermasligini ma’lum qildi
Foto: olympic.uz

Xalqaro doping tahlil agentligi (ITA) xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik taekvondochi Ulug‘bek Rashitov antidoping qoidalarini buzganlikda ayblanib, 2 yil muddatga musobaqalarda qatnashish huquqidan mahrum etildi.

Rashitov 12 oy ichida uch marta «joylashuv» majburiyatini bajarmagan. Bu holat WT antidoping qoidalarining 2.4-moddasiga zid hisoblanadi. Sportchi buzilgan qoidalarni tan olib, ITA tomonidan taklif etilgan jazoga rozilik bildirgan.

Shunga ko‘ra, Rashitov 2025-yil 13-maydan boshlab 2027-yil 12-mayga qadar musobaqalarda ishtirok eta olmaydi. Shu bilan birga, u 2025-yil 3-fevraldan boshlab to‘xtatish kuchga kirgan sanagacha bo‘lgan barcha shaxsiy natijalaridan mahrum qilinadi.

Mazkur qaror ustidan faqat apellyatsiya huquqiga ega tomonlar Sport arbitraj sudining apellyatsiya bo‘limiga shikoyat qilishlari mumkin. ITA bu ish bo‘yicha qo‘shimcha izoh bermasligini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ulugʻbek Rashitov 2024-yilda dunyoning eng yaxshi erkak taekvondochisi deb topilgani haqida xabar bergan edi.