
UzAuto Motors Powertrain korxonasini vaqtinchalik boshqarib kelgan Saidazim G‘ulomov rasman bosh direktor lavozimiga tasdiqlandi.
G‘ulomov 2023-yil oxirida bosh direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. Shu davr mobaynida barcha rahbarlik vakolatlarini amalga oshirib kelgan.
U 2016 – 2021-yillar davomida ham UzAuto Motors Powertrain korxonasini boshqargan va avtomobil sanoati sohasida katta tajribaga ega. Keyinchalik uning o‘rnini shved mutaxassisi Bu Anderson egallagan.
Joriy yil boshida Bu Anderson UzAuto Motors hamda UzAuto Motors Powertrain’dagi barcha lavozimlardan ketgani haqida rasmiy xabar berilgandi. Uning ketishi ortidan kompaniya rahbariyatida bir qator o‘zgarishlar yuz bergan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yanosh Kovach UzAuto Motors bosh direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.
Kovach vengriyalik bo‘lib, Budapesht Texnika universitetida avtomobilsozlik texnologiyalari bo‘yicha muhandislik mutaxassisligini tamomlagan.
U General Motors, Opel, GM Powertrain Uzbekistan, UzAuto Peugeot Citroën Automotive va VinFast Automotive kabi yirik kompaniyalarda yuqori lavozimlarda ishlagan.
2021-yildan beri UzAuto Motors AJ Kuzatuv kengashi va audit qo‘mitasi a’zosi sifatida ham faoliyat yuritib kelayotgandi.
Shuningdek, birinchi chorakda UzAuto Motors’ning foydasi ikki baravardan ko‘proqqa kamaygani haqida xabar berilgandi. UzAuto Motors 2025-yilning birinchi choragini 637 milliard so‘m sof foyda bilan yakunladi.
Kompaniya tushumi 9,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga kamaydi. Tannarx ham 12,5 foizga pasaygan.