
Volkswagen Jetta eng katta krossoverini taqdim etdi. Bu haqda Autohome xabar berdi.
Volkswagen konserniga kiruvchi Xitoyning Jetta markasi o‘zining yangi VS8 krossoverini jamoatchilikka tanishtirdi. Bu model Jetta brendi tarixidagi eng katta avtomobil bo‘lishi bilan ajralib turadi.

VS8 modeli boshqa Jetta avtomobillaridan tashqi ko‘rinishi va interyeri bilan farq qiladi, biroq avvalgi dvigatel konfiguratsiyasi saqlab qoladi.
Krossoverning tashqi qiyofasi Jetta brendining an’anaviy uslubida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ramkasiz radiator panjarasi va Y shaklidagi yorug‘lik elementlari qo‘llangan.
Avtomobilning uzunligi 4629 mm, eni 1851 mm, balandligi 1624 mm, g‘ildirak bazasi esa 2731 mmni tashkil etadi. Ushbu o‘lchamlari bilan VS8 avvalgi flagman VS7 modelidan biroz katta bo‘lsa-da, rasman brenddagi eng katta avtomobil sifatida tan olingan. Model 18 dyuymli g‘ildirak disklariga ega bo‘lib, kuzov to‘rt xil rangda – qora, oq, kulrang va maxsus taqdimot uchun yashil rangda taqdim etiladi.




Model interyeri
Yangi modelning interyeri ham sezilarli darajada yangilangan. Old panel to‘liq qayta ishlab chiqilgan, markaziy tunnel ixcham va deyarli butunlay fizik tugmalardan xoli. Multimediya tizimining tuzilishi o‘zgargan: avvalgi Jetta modellarida sensorli ekran panelga integratsiya qilingan bo‘lsa, VS8’da u alohida o‘rnatilgan bo‘lib, ekran hajmi 14,6 dyuymgacha kattalashgan. Asboblar paneli 10,25 dyuymli displey bilan jihozlangan. Multimedia tizimi ovoz orqali boshqariladi. Avtomobil salonida mayda buyumlarni saqlash uchun 25 ta alohida joy mavjud.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, VS8 modeli dvigatel qismida o‘zgarishlarga ega emas. Bazaviy versiyada 1,4 litrli turbomotor o‘rnatiladi, uning quvvati taxminan 150 ot kuchini, aylanish momenti esa 250 Nmni tashkil etadi.

Model olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi. Qimmatroq variantlarga 6 diapazonli avtomat taklif etiladi. Biroq bu krossoverda to‘liq uzatmali tizim bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda.
Avvalroq Volkswagen Golf GTI Edition 50 yubiley modelini taqdim etgani haqida yozgandik.