Avto

Volkswagen Xitoydagi zavodini yopmoqda

Kuchayib borayotgan bozor raqobati va logistik muammolar sababli
Volkswagen
Volkswagen Xitoydagi zavodini yopmoqda. Foto: Unsplash

Germaniyaning Volkswagen Group kompaniyasi o‘z tarixida ilk bor Xitoydagi zavodlaridan birini to‘liq yopishga qaror qildi. Bu haqda Handelsblatt nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu qaror kuchayib borayotgan bozor raqobati va logistik muammolar bilan bog‘liq.

Ushbu zavod 2008-yilda Xitoyning Nankin shahrida Volkswagen va mahalliy SAIC kompaniyasi hamkorligida ochilgan. Mazkur zavod yillik 360 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan, ayni paytda esa u Passat va Skoda Superb modellarini ishlab chiqarayotgandi. So‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada kamaygan.

Nega Volkswagen zavodi yopildi

Asosiy sabab – zavodning joylashuvi. U shaharning sanoat zonasida, markazga yaqin joyda joylashgani tufayli modernizatsiya qilish murakkab va qimmatga tushadi. Ayniqsa, elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tish rejalari doirasida bu obyektni yangilash iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas deb topildi. Shuning uchun Volkswagen rahbariyati uni butunlay yopishga qaror qildi.

Zavod hududi va binolari Nankin shahar ma’muriyati tasarrufiga qaytariladi. Ishlab chiqarish esa kompaniyaning Yichjen shahridagi boshqa korxonasiga ko‘chiriladi.

Volkswagen oldin ham shunga o‘xshash qadamni 2022-yilda Shanxay yaqinidagi ishlab chiqarish maydonida qo‘ygandi, biroq o‘shanda zavod to‘liq yopilmagandi. Handelsblatt nashri bu safargi yopilishni «Xitoy avtomobil bozoridagi tuzilmaviy o‘zgarishlar ramzi» deb atamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jeep kompaniyasining Xitoydagi filiali bankrotga uchragani haqida yozgandi.

Ushbu qo‘shma korxona 2009-yilda Stellantis va GAC (Guangzhou Automobile Group) o‘rtasida tashkil etilgan bo‘lib, Jeep brendi avtomobillarini Xitoy ichki bozori uchun ishlab chiqarishga mo‘ljallangandi.

Ammo 2022-yilda hamkorlik tugatilganidan so‘ng Stellantis Jeep’ni faqat import asosida sotishni boshladi. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishning tugashiga olib keldi.

Bankrotlikka sabab sifatida kompaniya boshqaruvchilari moliyaviy tiklanishning imkonsizligini va istiqbollarning yo‘qligini ko‘rsatishdi.