
Great Wall Motor kompaniyasining 2026-yilgi Haval Big Dog avtomobili rasman taqdim etildi. Yangi model 17-iyul kuni Xitoyda sotuvga chiqadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Bu avvalgi modelning yangilangan ko‘rinishi bo‘lib, asosan, tashqi dizayn va salonida o‘zgarishlar bor.


Old panjarasi yangilangan, lekin retro uslubdagi LED faralar saqlab qolingan. Faralar 20 foizga yorqinroq bo‘ldi. Orqa chiroqlar esa L shaklidagi yorituvchi chiziq bilan bezatilgan.
Avtomobil besh xil rangda taqdim etiladi: ko‘k, yashil, kulrang, oq va qora. Yon tomonlari o‘zgarishsiz qolgan – kvadrat kuzov, an’anaviy eshik tutqichlari va tomdagi bagaj qafasi mavjud.

Ichki qismda esa yangi D-shakldagi rul, 14,6 dyuymli markaziy ekran va GWM’ning Coffee OS 3 tizimi joylashtirilgan. Shuningdek, 9 dyuymli HUD displey va asboblar paneli ham mavjud.
Hozirgi 2024-yilgi modelning o‘lchamlari 4620×1890×1780 mm bo‘lib, yangi versiyada bu ko‘rsatkichlar saqlanib qoladi.
Haval Big Dog 2020-yildan buyon 600 mingdan ortiq nusxada sotilgan. 2025-yilning may oyiga qadar ketma-ket 12 oyda har oyda 10 mingdan ortiq avtomobillar sotilgan. Yangi modelning narxi hozircha ma’lum emas, ammo 2024-yilgi model $17 mingdan boshlab sotilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda yanvar – may oylarida 1700 ta Haval brendiga tegishli avtomobil sotilgan. Bu haqda UzAvtoSanoat AJ ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Haval Raptor sotuvi boshlangani haqida yozgan edi.