Lifestyle

Yozda uyni qanday salqin tutish mumkin

yoz
Foydali top-7 ta usul
Yozda uyni qanday salqin tutish mumkin. Foto: Edward Mellor

Yozning issiq kunlari ko‘pchilik uchun qulaylikni pasaytiradi. Agar konditsioner bo‘lmasa yoki energiyani tejashni istasangiz, oddiy va samarali usullar bilan uyni tabiiy salqin holatda saqlash mumkin. Quyida Kursiv Uzbekistan yozda uy sharoitida salqinlanish bo‘yicha foydali top-7 ta usul haqida so‘z yuritadi:

1. Pardalarni yoping

Pardalarni yoping. Foto: Freepik

Uyga kirayotgan issiqlikning katta qismi derazalar orqali kiradi. Ayniqsa, janubga qaragan derazalar kun davomida ko‘p quyosh nurlarini qabul qiladi. Shuning uchun qalin pardalar, roletlar yoki maxsus quyoshdan himoyalovchi plyonkalar o‘rnatish tavsiya etiladi. Bular quyosh nurini qaytaradi va xona ichidagi haroratni 2–5 darajagacha pasaytiradi. Kunduz kuni derazalarni yopiq saqlang, faqat ertalab va kechqurun oching.

2. Uyni shamollatishni to‘g‘ri tashkil eting

Tabiiy shamollatish uy ichidagi issiq havoni chiqarib, salqin havo kirishini ta’minlaydi. Shamollatish uchun derazalarni qarama-qarshi tomonda oching – bu kross shamollatish deb ataladi. Kunning issiq paytida (soat 11:00 dan 17:00 gacha) derazalarni yopib, tongda va kechasi ochish tavsiya etiladi. Shamollatishni ventilyator bilan birlashtirish foydali bo‘ladi.

3. Ventilyatorlarni samarali ishlating

Ventilyatorlarni samarali ishlating. Foto: Mylek

Ventilyator bo‘lsa, uni faqat shunchaki yoqib qo‘yish yetarli emas. Masalan, uni deraza oldiga o‘rnatib, issiq havoni tashqariga chiqarish yoki tashqaridan salqin havo tortish mumkin. Ventilyator oldiga nam sovuq sochiq osib qo‘yilsa, havo oqimi sovib, xona ichidagi namlik oshadi va salqinlik beradi. Shift ventilyatorlari bo‘lsa, ularni soat strelkasiga qarshi yo‘nalishda aylantiring – bu havo oqimini pastga yo‘naltiradi.

Konditsionerdan foydalanishingizga to‘g‘ri kelsa, termostatni 24–27 daraja oralig‘ida yoki o‘zingizga qulay bo‘lgan eng yuqori haroratga sozlang. Issiq ob-havoda termostatni atigi bir darajaga ko‘tarish qurilmangizning ishlash xarajatlarini taxminan 10 foizga kamaytiradi.

Agar konditsioneringizni yangilashni rejalashtirsangiz, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan modelni tanlang.

4. Elektr jihozlarini minimal ishlating

Elektr asboblari ko‘p ishlatilsa, ular qo‘shimcha issiqlik chiqaradi. Masalan, pech, dazmol yoki yoritgich lampalari xona haroratini oshiradi. Shu sababli, ularni kunduz emas, balki kechqurun ishlating. LED lampalar energiyani kam sarflaydi va issiqlik kam beradi – ularni oddiy lampalarga almashtirish ham foyda keltiradi.

5. Sovuq suv va namlikdan foydalaning

Sovuq suv va namlikdan foydalaning. Foto: House Digest

Oddiy va samarali usullardan biri – namlik bilan salqinlikni ta’minlash. Xonani sovuq suv bilan yuvish, polni namlash xona ichidagi haroratni tushiradi. Tana haroratini pasaytirish uchun esa sovuq suv bilan tez-tez dush qabul qilish mumkin. Muz toshlarini paketga solib, ventilyator oldiga qo‘yish – havoni salqin qilishning oddiy yo‘li.

6. Uy o‘simliklari va yashil zona

Uy o‘simliklari nafaqat go‘zallik beradi, balki havo sifatini yaxshilaydi va xona ichida mikroiqlim hosil qiladi. O‘simliklar havo namligini oshirib, xona ichini salqin saqlashga yordam beradi. Balkonda yoki deraza oldida yashil maydon tashkil qilish quyosh nurlarini to‘sadi va devorlarning qizishini kamaytiradi.

7. Paxtali matolarni tanlang

Paxtali matolarni tanlang. Foto: The Arvind Store

Issiq yoz kunlarida kiyim tanlash ham tana haroratini nazorat qilishda muhim rol o‘ynaydi. Paxtali matolar havo o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lgani uchun tanani «nafas oldiradi» va terlashni kamaytiradi. Shuning uchun, imkon qadar paxtadan tikilgan yengil, keng va och rangli kiyimlarni kiying. Sintetik yoki sun’iy matolar tanani havo almashinuviga to‘sqinlik qiladi va terlashni oshiradi.

Bundan tashqari, yotoq joyingizni ham paxtali choyshablar bilan jihozlash foydali. Paxtali choyshablar namlikni yaxshi shimadi, terini qitiqlamaydi va uxlayotganda tana haroratini tushiradi. Agar imkon bo‘lsa, yostiq jildlari va ko‘rpaning ham tabiiy matodan bo‘lishiga e’tibor bering.

Yozgi issiqni uyda tabiiy va oddiy choralar bilan yengib o‘tish mumkin. Derazalarni to‘g‘ri yopib-ochish, shamollatish, ventilyator va o‘simliklardan foydalanish sizga qulay yashash sharoitini yaratadi. Bu usullar bilan nafaqat uyni salqin qilishingiz, balki ortiqcha elektr energiyasini tejashingiz ham mumkin. 

Avvalroq yozda ozishga yordam beruvchi top – 5 ta usul haqida yozgandik. Yozda biz kuchli ochlikni kamroq his qilamiz, shuning uchun yog‘li va og‘ir taomlarni kam kaloriyali alternativalar bilan almashtirish mumkin. Bundan tashqari, issiq tufayli ko‘proq terlaymiz va ko‘proq suv ichamiz, bu esa tanani shaklda ushlab turishga tabiiy ravishda yordam beradi.