Fransiya Ilon Maskning X ijtimoiy tarmogʻi ustidan tergov boshladi

Fransiya prokurorlari Ilon Maskka tegishli X kompaniyasiga nisbatan jinoiy tergov boshladi. Kompaniya algoritmlarini «xorijiy aralashuv» maqsadida o‘zgartirgani haqidagi da’volar bunga sabab bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, tergov 9-iyul kuni boshlangan va uni kiberjinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha maxsus boshqarma olib bormoqda. Prokuratura Xʼning algoritmlarni oʻzgartirish orqali foydalanuvchilar ma’lumotlarini firibgarlik yoʻli bilan yiqqani va bu orqali Fransiya qonunchiligini buzgan-buzmaganini oʻrganmoqda.
Tergov Xʼning kompaniya sifatida faoliyatiga ham, u bilan bogʻliq boʻlgan jismoniy shaxslarga ham qaratilgan. Maskning ismi bevosita tilga olinmagan boʻlsa-da, surishtiruv 2022-yilda u platformani sotib olganidan keyingi faoliyatga oid shikoyatlar asosida boshlangan.
Mazkur surishtiruv yanvar oyida boshlangan dastlabki tergovning davomidir. Oʻsha vaqtda X platformasi Fransiyada demokratik muhokamalarga putur yetkazuvchi nafratli va kamsituvchi kontentni tarqatishda ayblangandi. Shuningdek, yuqori lavozimli davlat xizmatchisi va bir nechta deputatlar Xʼning faoliyatidan rasmiy norozilik bildirgan.
X platformasi yaqinda Grok sun’iy intellekt chat-botining antisemit va irqchilikni oʻz ichiga olgan javoblari sababli yana tanqid ostida qoldi. Bu holat Fransiyada raqamli regulyator – Arcomʼga rasmiy murojaat yoʻllanishiga sabab boʻldi.
X ayni paytda Yevropa Komissiyasi tomonidan ham alohida tergov ostida. Komissiya ikki yildan buyon platformani Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunini buzganlikda gumon qilib kelmoqda. Ayniqsa, notoʻgʻri ma’lumotlar tarqatish va oʻta oʻng gʻoyalarning targʻibotiga yoʻl ochgan algoritmlarning ishlash mexanizmi diqqat markazida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Grok chat-boti Tesla avtomobillarida kelasi haftadan ishga tushishi haqida xabar bergan edi.