
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departament hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU) oʻqituvchisi pora olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, u oʻzining tanish mansabdor shaxslari orqali bir fuqaroni universitetga oʻqishga kiritib qoʻyishni va’da qilgan va buning evaziga $4 ming olgan. Pulni olayotgan paytda u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holat Fargʻona davlat universitetida qayd etildi. Universitetning kafedra oʻqituvchisi oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda, yuqori lavozimli tanishlari orqali bir fuqaro nomiga boks boʻyicha sport unvoni borligi haqidagi soxta hujjatni rasmiylashtirgan. Soʻngra uni harbiy ta’lim fakultetiga oʻqishga kiritish evaziga $3,8 ming pora olgan va shu holatda DXX hamda ichki ishlar organlari tomonidan qoʻlga olingan.
Har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir necha viloyatlarda yirik mansabdor shaxslar pora bilan qoʻlga tushgani haqida xabar bergan edi.