«Moskvich 8» nihoyat sotuvga chiqmoqda

«Moskvich 8» krossoveri nihoyat sotuvga chiqarilmoqda. Autonews.ru nashri vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, model kelasi haftadan boshlab Rossiya bozoriga chiqarilishini ma’lum qildi.
Zavod matbuot xizmati ayni sanani ochiqlamagan boʻlsa-da, savdolar yaqin orada boshlanishi tasdiqlandi.
«Sotuvlar tez fursatda boshlanadi», – deb izoh bergan «Moskvich» avtomobil zavodi vakillari.

Avvalgi rejaga koʻra, «Moskvich 8» ishlab chiqarilishi 2024-yil oktabrida boshlanishi, sotuv esa oʻsha yil oxiriga moʻljallangandi. Biroq keyinchalik bu muddat bir necha bor ortga surildi. 2025-yil qishida dilerlar model bahorda taqdim etilishi mumkinligini aytishgan, ammo bu prognoz ham oʻz tasdigʻini topmadi.
«Moskvich 8» ilk bor 2024-yil aprel oyida jamoatchilikka namoyish etilgan. Korxona modelni sayohat va ish safarlari uchun moʻljallangan, yetti oʻrinli oilaviy krossover sifatida taqdim etgan.

Tashqi koʻrinish jihatidan avtomobil yorqin old LED-optika, katta radiator panjarasi va butun bagaj boʻylab choʻzilgan orqa diodli chiziq bilan ajralib turadi. Shunga qaramay, model Xitoyning JAC Sehol X8 Plus krossoveri asosida yaratilgani va dizayn jihatdan deyarli nusxa ekani qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Moskvich 5 taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.