Rossiya – Ukraina urushida halok bo‘lgan chet elliklar soni bo‘yicha O‘zbekiston uchlikka kirdi

Oʻzbekiston Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushda halok boʻlgan chet ellik fuqarolar soni boʻyicha uchinchi oʻrinni egalladi. Bu haqda BBC, «Mediazona» hamda koʻngillilar guruhi tomonidan ochiq manbalar asosida oʻtkazilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.
Tadqiqot davomida Rossiya – Ukraina urushida halok boʻlgan 500 dan ortiq chet el fuqarolarining shaxsi aniqlangan. Roʻyxatda Oʻzbekiston 66 nafar qurbon bilan uchinchi oʻrinda qayd etilgan. Tojikiston 72 nafar, Nepal esa 70 nafar qurbon bilan mos ravishda birinchi va ikkinchi oʻrinda turibdi.
Ushbu ma’lumotlar Rossiya fuqaroligiga ega boʻlmagan, 28 mamlakatdan kelib urushda ishtirok etgan shaxslar haqida boʻlib, ular rasmiy bayonotlar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va qabrtoshlar suratlari orqali aniqlangan.
Tahlillarga koʻra, halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning yarmidan koʻpi – 46 nafari Rossiyadagi jazoni oʻtash muassasalarida boʻlgan. Ularning aksariyati «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida frontga yuborilgan. Xuddi shunday holatlar Tojikiston fuqarolari orasida ham kuzatilgan – 43 nafar kishi jangga jalb etilishidan avval qamoqda boʻlgan.
Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, urush Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga bosim oʻtkazish vositasiga aylanib qolgan. Ularga Rossiyada qolish, deportatsiya qilinmaslik, muddatidan avval ozodlikka chiqish yoki tezlashtirilgan fuqarolik evaziga urushda ishtirok etish taklif qilinmoqda.
Tadqiqot mualliflari qayd etishicha, roʻyxatga faqat oʻlimi ochiq manbalarda tasdiqlangan holatlargina kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlar uchun imtihon tartibi oʻzgargani haqida xabar bergan edi.